Geologik tuzilishi va yer yuzasining taraqqiyoti

O‘zbekistonning geologik tuzilishi xilma-xil bo‘lib, uning hududi, asosan, ikkita katta tektonik tuzilma, ya’ni Tyanshan orogeni tarqalgan yerlar va Turon plitasidan iborat.

Respublikamizning Tyanshan orogen qismi har xil katta-kichiklikdagi tektonik tuzilmalardan iborat bo‘lib, ulardan eng kattalari Chatqol, Qurama, Turkiston, Zarafshon burmali tuzilmalari hisoblanadi.

Asosiy foydali qazilmalari

O‘zbekiston turli foydali qazilmalarga boy bo‘lib, ulardan biri yoqilg‘i-energetika boyliklaridir. Bularga neft, gaz va ko‘mir konlari kiradi.

Neft va gaz konlari Farg‘ona tog‘ oralig‘i botig‘idagi Shimoliy So‘x, Janubiy Olamushuk, Polvontosh, Chimyon, Sho‘rsuvda dastlab 1880-yilda ochilgan.

1992-yilda  Mingbuloq, 1993-yilda esa Ko‘kdumaloq neft konlari ochildi.

Neft va gazning katta zaxirasi Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlaridagiOdamtosh, Pachkamar, Omonota, Xovdog‘, Uchqizilda mezozoy erasi karbonat tog‘ jinslarida aniqlangan. Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining tekislik qismida ham bir qator neft va gaz konlari ochilgan. Bulardan asosiylari Sho‘rtan, Muborak, Oqjar, Sariqtosh, Jarqoq, Qorovulbozordir.

Bundan tashqari, gaz Ustyurt platosidagi Shohpaxta va Kuanish nomli joylarda ochilgan.

O‘zbekiston hududida ko‘mirning sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan bir nechta katta konlari mavjud. Bulardan Ohangaron (Angren) qo‘ng‘ir ko‘mir koni, Surxondaryo viloyatining tog‘li qismida yuqori sifatli Sharg‘un toshko‘mir koni joylashgan. Bu joyda Boysun ko‘mir koni ham ochilgan.

O‘zbekiston hududida bir necha qora (temir, titan, marganes, xrom), rangli (mis, qo‘rg‘oshin volfram, molibden, qalay, vismut), qimmatbaho (oltin, kumush) metall konlari ham bor. Bulardan eng asosiylari Toshkent viloyatidagi Qalmoqqir, Sariqcheku hamda Dalneye mis konlaridir. Qizilqumdagi  Muruntov, Ko‘kpatas va boshqa yerlarda oltinning katta zaxirasi ochilgan bo‘lib, uzoq yillardan buyon keng doirada qazib olinmoqda.

O‘zbekiston fosforitlarga ham boydir. Uning katta zaxirasi Markaziy Qizilqumda ochilgan. Kimyoviy xomashyolardan osh va kaliy tuzlari, oltingugurt Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlaridagi  Oqbosh, Laylimkon, Xo‘jaikonda mavjuddir.

O‘zbekiston hududi qurilish materiallariga (qum va shag‘altosh, soz tuproq, kvars qumlari, ohaktoshlar, marmar) hamda yerosti suvlariga juda boydir. O‘zbekiston hududida ko‘plab marmar konlari ochilgan. Ularning ko‘pchiligi yuqori sifatli va rangli marmarlar guruhiga kiradi. Qazib olinayotgan marmardan respublikamiz shaharlaridagi hashamatli binolarni, masalan, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri, «Istiqlol» san’at saroyi, Toshkent metrosi bekatlarini va turli yodgorliklarni bezashda foydalanilmoqda.