Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti
“IGIRNIGM” DM
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tasarrufidagi “IGIRNIGM” DM neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi bilan shug‘ullanuvchi bosh ilmiy muassasa hisoblanib, neft va gazga istiqbolli obyektlarni aniqlash, yangi uglevodorod (UV) xomashyosi uyumlari va konlarini ochish borasida asosiy fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini olib boradi.
Institut 1959-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘zining shu yillar davomida ko‘rsatgan faoliyati bilan neft va gaz geologiyasi bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘zga ko‘ringan ilmiy markaz sifatida tanildi. Hozirda ilmiy muassasada 225 nafar yuqori malakali mutaxassis, jumladan, 5 nafar fan doktori hamda 26 nafar fan nomzodi ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
“IGIRNIGM” DMda 20 dan ortiq yo‘nalishda ilmiy tadqiqot ishlarini bajaruvchi laboratoriyalar, UV xomashyosi zaxiralari va resurslarini hisoblash va qayta hisoblash markazi, burg‘ilash ishlari bo‘yicha texnologik ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qo‘qon va Koson shaharlaridagi dala partiyalarida quduqlarda geologik-geofizik tadqiqotlar, gazokondensat bo‘yicha sinov ishlarini olib boruvchi filiallar mavjud.
Institutning ilmiy faoliyati yo‘nalishlari:
- O‘zbekistonning yer qa’ri geologik tuzilishini o‘rganish, Respublikamiz hududining neft va gazga istiqbolliligini aniqlash;
- UV xomashyosi resurslarini baholash, neft va gaz uchun geologik-qidiruv ishlarining ustuvor yo‘nalishlarini asoslash;
- zamonaviy kompyuter vositalari, ta’minlangan dasturlar va mavjud ma’lumotlar bazasiga tayangan holda yer qa’rining neft-gazliligini regional, zonal va mahalliy bashorat qilish;
- izlov-qidiruv ishlariga ilmiy yondashuv;
- qazilgan quduqlarning tezkor geofizik tahlili asosida ulardagi mavjud mahsuldor qatlamlarni bashorat qilish bo‘yicha xulosa berish;
- neft, gaz va kondensat zaxiralarini hisoblash, qayta va mukammal hisoblash hamda zaxiralarni tahlil qilish;
- O‘zbekiston Respublikasi uglevodorod xomashyosi balansi va neft-gaz konlarining davlat reyestrini tuzish;
- geologik-iqtisodiy tadqiqotlar hamda neft-gaz konlarida bajarilgan geologik-qidiruv ishlarining rentabelligini (unumdorligini) baholash;
- geologik-qidiruv, ekologik ishlar monitoringi va atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish;
- kern, shlam, qatlam flyuidi (neft, gaz, suv) namunalarini laboratoriya sharoitida ilmiy tahlil qilish hamda neft va kondensatning tovarlik tavsiflarini aniqlash;
- joriy, yillik, o‘rta va uzoq muddatli geologiya-qidiruv ishlari dasturlarini tuzish;
- burg‘ilanadigan chuqur neft-gaz quduqlarining texnika va texnologiyalarini takomillashtirish va burg‘ilash korxonalariga bevosita ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatish;
- razvedka va qazib chiqarish quduqlarida gazogidrodinamik, gazokondensat va gidrogeologik tadqiqotlarni bajarish;
- neft va gazga istiqbolli investitsion hududlarni aniqlash va ularda bosqichma-bosqich olib boriladigan geologik-qidiruv ishlarini geologik-iqtisodiy jihatdan asoslash;
- O‘zbekiston Respublikasining neft-gazli regionlari va investitsion bloklari uchun bajariladigan geologik-qidiruv ishlari dasturi tuzilgandan va amalga oshirilgandan so‘ng olinadigan samaradorlik monitoringini olib borish.

